18.02.2026
2026 yil 18 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida o‘quvchi-qizlar bilan “Ayollar ilm-fanda: kecha, bugun va ertaga” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yosh qizlarni ilm-fan, ta’lim va kasbiy rivojlanishga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yoritib berishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda JIDU Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor Sultonova E’tibor Siddikovna, Ayol ma’rifati targ‘ibot guruhi rahbari, psixolog, “Nodavlat ta’lim markazi” asoschisi va rahbari Karimova Barno Fatxullayevna, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti texnika fanlari doktori, professor Beknazarova Saida Safibullayevna, shuningdek litsey psixologi Sultanova Munira Jo‘rayevna ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ayollarning ilm-fan sohasidagi tarixiy o‘rni, bugungi kundagi yutuqlari hamda kelajakdagi istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritdilar. Shuningdek, qizlarni zamonaviy kasblarni egallash, ilmiy izlanishlar olib borish, o‘z ustida muntazam ishlash va jamiyat hayotida faol bo‘lishga undovchi tavsiyalar berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tdi. O‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, hayotiy tajriba va maslahatlar oldilar. Samimiy va motivatsion ruhda o‘tgan tadbir qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.
Mazkur uchrashuv litseyda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.