12.06.2026
2026-yil 12-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida bitiruvchi yoshlar uchun an’anaviy “Diplom topshirish marosimi” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirni el ardog‘idagi san’atkor Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Rasulxon Qodirxonov olib bordi. Bayramona kechani akademik litsey direktori Oydinxon Sultonaliyevna ochib berdi hamda bitiruvchilarni samimiy muborakbod etdi. Shundan so‘ng tabrik so‘zi uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akrom Azamatovich Umarovga so‘z berildi. U o‘z nutqida bitiruvchilarning erishgan yutuqlarini e’tirof etib, ularga kelgusi hayot yo‘llarida ulkan zafarlar tiladi.
Tadbir davomida 2025–2026-o‘quv yilida alohida yutuqlarga erishgan bitiruvchilar tantanali ravishda taqdirlandilar. Jumladan:
189 ball to‘plab talabalikka tavsiya etilgan 22 nafar bitiruvchiga “Akademik litsey iftixorlari” hamda Germaniyaning Yevropa Viadrina universitetiga qabul qilingan qo‘shma ta’lim dasturining 9 nafar bitiruvchilariga nominatsiyalari topshirildi;
Akademik litseyning 5 nafar bitiruvchisiga oltin medal, 8 nafar bitiruvchisiga kumush medal topshirildi;
O‘qish davomida namunali bilim va yuqori natijalarni qayd etgan 73 nafar bitiruvchiga a’lo darajali diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida bitiruvchilarning akademik litseydagi unutilmas xotiralari yodga olinib, kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va samimiy tilaklar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Diplom topshirish marosimi nafaqat bitiruvchilar bilan xayrlashuv, balki ularning kelajak sari dadil qadam tashlashlari, yangi marralarni zabt etishlari yo‘lidagi ezgu tilaklar mujassam bo‘lgan unutilmas bayram sifatida barchaning qalbidan chuqur joy oldi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi jamoasi barcha bitiruvchilarni erishgan yutuqlari bilan yana bir bor muborakbod etadi hamda ularga oliy ta’lim bosqichi va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.