02.09.2026
2-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Yangi 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir akademik litsey jamoasi va o‘quvchilari uchun o‘zgacha ko‘tarinki ruhda kechdi. Unda Vatanimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, xalqimizning tinchlik, bunyodkorlik va farovon hayot yo‘lidagi ezgu intilishlari, yosh avlodning mamlakat kelajagidagi muhim o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, yurt taqdiriga daxldorlik va kelajakka ishonch ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv yilining ilk darsi — “Mustaqillik darsi”
2026–2027-o‘quv yilining ilk darsi barcha guruhlarda “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.
“Mustaqillik darsi” “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori mazmun-mohiyati asosida tashkil etildi. Darslarda O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, bugungi bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ularning mamlakatimiz kelajagini barpo etishdagi mas’uliyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, darslar jarayonida o‘quvchilar bilan Vatanga sadoqat, insoniy qadriyatlar, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, bilim olishga intilish hamda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish kabi mavzularda suhbatlar tashkil etildi.
Yangi o‘quv yilining dastlabki kunidanoq akademik litseyda ilmga intilish, yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik va katta maqsadlar sari intilish muhiti shakllandi.
JIDU akademik litseyi jamoasi yangi o‘quv yilini ulkan maqsadlar, ezgu tashabbuslar va yangi marralar sari dadil qadamlar bilan boshladi.