Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi

JIDU AKADEMIK LITSEYIDA O‘QITUVCHILAR O‘RTASIDA “ZAKOVAT” INTELLEKTUAL O‘YINI O‘TKAZILDI

JIDU AKADEMIK LITSEYIDA O‘QITUVCHILAR O‘RTASIDA “ZAKOVAT” INTELLEKTUAL O‘YINI O‘TKAZILDI

26.09.2026

foreign

2026-yil 26-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘qituvchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad — pedagog xodimlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, mantiqiy va tezkor fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda ustozlar o‘rtasida do‘stona va sog‘lom raqobat muhitini yaratishdan iborat.
Intellektual o‘yinda akademik litsey o‘qituvchilari jamoalar tarkibida faol ishtirok etib, turli yo‘nalishlardagi mantiqiy, tarixiy, madaniy va umumiy bilimlarga oid savollarga javob berdilar. Bellashuv davomida jamoalar o‘zlarining bilim va zukkoliklarini, tezkor fikrlash hamda jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Qizg‘in va do‘stona ruhda o‘tgan “Zakovat” o‘yini ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan jamoalar va ustozlar munosib rag‘batlantirildi.
Mazkur tadbir akademik litsey jamoasida hamjihatlik, o‘zaro hurmat va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi ma'muriyati barcha ustozlarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etadi!