15.10.2026
2026-yil 15-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyiga Farg‘ona viloyati Rishton tumanida faoliyat yurituvchi “Zukko International School” va “Bright Education” xususiy maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari uchun Edu Tour tashkil etildi.
Mazkur tashrifda maktablar rahbarlari Erkinjon Usmonov va Yorqinjon Niyozov boshchiligidagi o‘quvchilar ishtirok etdilar.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni akademik litseyning ta’lim muhiti, o‘quv jarayoni hamda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda kelajakdagi ta’lim yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat.
Edu Tour davomida mehmonlar akademik litsey faoliyati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday tashriflar o‘quvchilarning kasbiy va akademik maqsadlarini belgilashiga ko‘maklashish, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda yoshlarni oliy ta’limga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajakdagi ta’lim va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettiradi.