Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi

“Jadidlar merosi – milliy identitetlik”

“Jadidlar merosi – milliy identitetlik”

24.04.2026

foreign

      2026-yil 24-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida “Jadidlar merosi – milliy identitetlik” mavzusida ilmiy-ma’rifiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

      Mazkur tadbir jadidlar harakati va uning namoyandalari tomonidan qoldirilgan boy ma’naviy-ma’rifiy merosni chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga bag‘ishlandi. Konferensiyada yoshlar ongida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, ularni milliy identitet ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jadidlar g‘oyalarining bugungi kundagi dolzarbligi va ahamiyati atroflicha yoritib berildi.

      Tadbirda soha mutaxassislari va yetuk olimlar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti o‘qituvchisi, tarix fanlari doktori, professor Fayzullo Ernazarov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi kichik ilmiy xodimi Yunusjon Safarovlar jadidlar harakatining tarixiy ildizlari, uning ma’naviy merosi va zamonaviy jamiyatdagi o‘rni haqida muhim ma’ruzalar qildilar.

       Konferensiya davomida jadidlarning ilm-fan, ta’lim va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ularning milliy uyg‘onish yo‘lidagi fidokorona faoliyati alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘urur va tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash zarurligi qayd etildi.                                                                         Shuningdek, akademik litsey o ‘quvchilari tomonidan tayyorlangan jadidchilik harakati va jadidlar faoliyatini aks ettirgan sahna ko‘rinishlari,  badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Tadbir yakunida bunday ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish, jadidlar merosini yanada chuqur o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.