06.05.2026
2026-yil 5-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchilaridan iborat bir guruh yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni Senat faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni hamda parlament tizimining ishlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida o‘quvchilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Oxundedaevich Mamatkarimov hamda ushbu qo‘mita maslahatchisi Doniyorbek Xaydarjon o‘g‘li Abdullaevlar ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuv jarayonida mutaxassislar Senatning asosiy vazifalari, qo‘mitalar faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, o‘quvchilarga qonunlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish jarayoni, senatorlarning faoliyati hamda yoshlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni haqida tushunchalar berildi.
O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, parlament faoliyati yuzasidan atroflicha javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda kelajakda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim аҳамият kasb etadi.
Mazkur tashrif o‘quvchilarda davlat boshqaruvi tizimi, xususan, parlament faoliyati haqida yanada kengroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.