08.05.2026
2026-yil 8-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyining bir guruh o‘quvchi-yoshlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga tashrif buyurdilar.
Mazkur tashrifdan asosiy maqsad o‘quvchilarning parlament faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni hamda davlat boshqaruvi tizimi bilan yaqindan tanishishlarini ta’minlashdan iborat bo‘ldi. Tashrif davomida o‘quvchilar Oliy Majlisning majlislar zali, qo‘mitalar faoliyati hamda parlament ish yuritish jarayonlari bilan tanishdilar.
Shuningdek, ularga senatorlar va deputatlarning faoliyati, qonun loyihalarini ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘quvchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar siyosati va ta’lim sohasidagi yangilanishlar yuzasidan ham qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Bu esa ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Bunday tashriflar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish hamda kelajakda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Akademik litseyda bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib borilmoqda.