21.09.2026
2026-yil 19-sentabr, shanba kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida o‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga liderlarni saylash jarayoni doirasida liderlikka nomzod o‘quvchilarning taqdimotlari tinglandi.
Saylov jarayonida GENESIS partiyasidan Shokarimov Yusuf, VERITAS partiyasidan Abduolimov Muhammadamin, ASTION partiyasidan Samadov Sarvar hamda UNITY partiyasidan Osmanov Fayoz liderlikka nomzod sifatida ishtirok etib, o‘zlarining dastur va tashabbuslarini taqdim etdilar.
Nomzodlar o‘z taqdimotlarida o‘quvchilarning manfaatlarini ifoda etish, ta’lim jarayonida o‘quvchilarning faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, turli tadbir va loyihalarni amalga oshirish hamda litsey jamoasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini bayon etdilar.
Saylov jarayoni belgilangan tartibda tashkil etilib, nomzodlarning taqdimotlari va saylov natijalari saylov ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Saylov ishchi guruhining xulosasiga ko‘ra, VERITAS partiyasidan liderlikka nomzod Abduolimov Muhammadamin JIDU akademik litseyining o‘quvchilar o‘z-o‘zini boshqarish tizimi lideri etib saylandi.
Mazkur saylov o‘quvchilarning o‘z fikrini erkin ifodalashi, tashabbuskorlik va liderlik qobiliyatlarini namoyon etishi, jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi hamda litsey hayotida o‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
JIDU akademik litseyi jamoasi yangi liderga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilaydi!