08.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan “2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ning 10-bandida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning qalbida vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini mustahkamlash, davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshga mos huquq va burchlar mazmunini anglatish, shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarga sadoqat ruhini shakllantirishga qaratilgan ochiq darslar hamda o‘quv mashg‘ulotlarini tizimli va uzluksiz tashkil etish vazifasi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida 2026-yil 5 - 8-oktabr kunlari Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan “Sening g‘oyang, Sening huquqing, Sening kuching!” mavzusida ochiq darslar tashkil etildi.
Ochiq darslar o‘zbek va rus guruhlarida alohida tashkil etilib, mashg‘ulotlarni o‘zbek guruhlarida Shahnoza Abdullaeva, rus guruhlarida Go‘zal Xayrullina olib bordi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilarga Konstitutsiya va qonunlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolarning huquq va burchlari, davlat ramzlariga hurmat, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati tushunchalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘quvchilar bilan mavzu yuzasidan savol-javob, fikr almashish, munozara va interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etilib, ularning huquqiy bilimlari hamda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yoshlarning o‘z huquq va burchlarini chuqur anglashi, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi hamda jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasini egallashi yuzasidan tushuntirishlar olib borildi.
Mazkur ochiq darslar o‘quvchilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish, Vatanga sadoqat va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bunday targ‘ibot-tashviqot tadbirlari muntazam ravishda davom ettiriladi.